20-modda. Reeksport
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Reeksport shunday rejimki, bunda chet el tovarlari bojxona hududidan olib chiqiladi.
Agar tovarlar bojxona organiga keyinchalik reeksport rejimida olib chiqib ketishga moʻljallangan tovar sifatidagina maʼlum qilingan boʻlsa, ular bojxona hududiga olib kirilayotganda import bojlari, soliqlar hamda iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi. Bunday tovarlarni amalda olib chiqish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab olti oydan kechiktirmay amalga oshiriladi. Amalda olib chiqib ketilmagan taqdirda import bojlari, soliqlar, shuningdek ular yuzasidan foizlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlanadi.
Tovarlar reeksport rejimida olib chiqilayotganda eksport bojlari, soliqlar undirilmaydi, olib chiqish chogʻida amal qilib turgan iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tovarlar reeksport rejimida olib chiqilayotganda toʻlangan import bojlari va soliqlar qaytarilishi va ayni bir paytda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
reeksport qilinayotgan tovarlar olib kirilgan paytda qanday boʻlsa, shunday holatda boʻlsa, tabiiy eskirish yoki normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar bundan mustasno;
reeksport rejimida tovarlarni olib chiqish ular olib kirilgan paytdan boshlab ikki yil ichida amalga oshirilayotgan boʻlsa;
reeksport qilinayotgan tovarlardan daromad olish maqsadida foydalanilmagan boʻlsa.
