19-modda. Eksport
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Eksport shunday rejimki, bunda tovarlar bojxona hududidan tashqariga ularni ushbu hududga qaytarib olib kirish majburiyatisiz olib chiqiladi. Eksport rejimiga joylashtirilgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda bu hududdan tashqariga amalda olib chiqib ketilmagan holda turishi mumkin.
Tovarlarni eksport rejimida olib chiqish eksport boji va boshqa bojxona toʻlovlari toʻlangan, iqtisodiy siyosat choralariga rioya etilgan va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Eksport rejimida olib chiqilayotganda tovarlar soliqlardan ozod etiladi yoxud toʻlangan soliqlar summasi qonun hujjatlariga muvofiq qaytarilishi lozim.
Tovarlar eksport rejimida chiqarilayotganda tovarlar bojxona hududidan tashqariga, tovarlar holatining tabiiy eskirish yoki normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlarni istisno etganda, bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kunda qanday boʻlsa, shunday holatda olib chiqilishi lozim.
