185-modda. Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqimlar
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi · Sana: 26.12.1997 · Amalda
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqimlar quyidagilardan iborat boʻladi:
guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, xolislarga toʻlanadigan summalar;
tekshiruv va inventarizatsiya oʻtkazish munosabati bilan sarflangan summalar;
dalillarni saqlash, tashish (joʻnatish) va tekshirish uchun sarflangan summalar;
ishni yuritish va koʻrish munosabati bilan bojxona organi qilgan boshqa xarajatlar.
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha chiqimlar jazo berish toʻgʻrisidagi qaror kimga nisbatan chiqarilgan boʻlsa, shu shaxs zimmasiga yuklanadi. Agar bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha bir nechta shaxsga jazo berilgan boʻlsa, ishni koʻrayotgan bojxona organining mansabdor shaxsi ularning har biri zimmasiga yuklanadigan chiqimlar miqdorini aniqlaydi.
Mol-mulkni davlat daromadiga oʻtkazish bilan bogʻliq chiqimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish toʻxtatilgan taqdirda, yuzaga kelgan chiqimlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirilishi lozim.
