12-modda. Axborot-resurs markazlari
Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-280-son) · Sana: 13.04.2011 · Amalda
Axborot-resurs markazlari davlat taʼlim muassasalari huzurida tashkil etilgan, oʻquvchi yoshlarning, shuningdek aholining axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.
Axborot-resurs markazlari:
taʼlim muassasasining ixtisoslashuviga muvofiq asosan ilmiy-taʼlimga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
oʻzidagi va oʻzidan uzoqdagi axborot resurslaridan foydalanish asosida maʼnaviy boy va barkamol shaxsni ijodiy rivojlantirish uchun imkoniyat yaratgan holda, foydalanuvchilarni madaniy meros obyektlaridan bahramand etadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanishni taʼminlaydi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;
madaniy, taʼlim, axborot dasturlari va loyihalarini hamda boshqa dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun taʼlim, ilmiy muassasalar va arxivlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, milliy madaniyat markazlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Axborot-resurs markazlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Axborot-resurs markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Axborot-resurs markazi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
