11-modda. Axborot-kutubxona markazlari
Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-280-son) · Sana: 13.04.2011 · Amalda
Axborot-kutubxona markazlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi universal axborot-kutubxona muassasalaridir.
Axborot-kutubxona markazlari:
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi va uning but saqlanishini taʼminlaydi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
tegishli hududda chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini oladi;
bibliografik, ilmiy-uslubiy va madaniy-maʼrifiy ishlarni bajaradi;
tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularni tashkiliy-uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
tegishli hududda axborot-kutubxona muassasalarining depozitar saqlanadigan axborot-kutubxona resurslarini toʻplashni amalga oshiradi va ularning hisobini yuritadi.
Axborot-kutubxona markazlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Axborot-kutubxona markazlarining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Axborot-kutubxona markazi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
