10-modda. Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi
Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-280-son) · Sana: 13.04.2011 · Amalda
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi milliy va jahon madaniyatini, fani va taʼlimini rivojlantirish manfaatlarini koʻzlagan holda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etuvchi hamda amalga oshiruvchi umumdavlat universal axborot-kutubxona muassasasidir.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi:
axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
axborot-kutubxona fondini shakllantiradi, uning but saqlanishini taʼminlaydi hamda foydalanuvchilarga milliy va xorijiy nashrlarning eng toʻliq toʻplamini taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning majburiy nusxasini, shuningdek dissertatsiyalarning koʻchirma nusxasini oladi;
Oʻzbekiston Respublikasida chiqariladigan nashrlarning davlat bibliografik hisobini yuritadi;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi;
kutubxonashunoslik, bibliografiyashunoslik va kitobshunoslik sohasida ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;
noyob va alohida qimmatli axborot-kutubxona resurslarini but saqlash, konservatsiyalash va restavratsiya qilish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi;
yigʻma elektron katalogni shakllantiradi va yuritadi;
axborot-kutubxona resurslaridan oʻzaro foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
boshqa axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondi davlat mulkidir.
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
