4-modda. Dafn etish joylari
Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-276-son) · Sana: 27.12.2010 · Amalda
Dafn etish joylari qabrlar, sagʻanalar, shuningdek dafn etishni amalga oshirishga moʻljallangan boshqa binolar va inshootlarni barpo etish uchun ekologik normalarga, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda boshqa normalar va qoidalarga muvofiq ajratib berilgan yer uchastkalaridir. Dafn etish joylari moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiritilishi mumkin.
Dafn etish joylari tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida boʻladi.
Yangi dafn etish joylarini barpo etish va mavjud boʻlganlarini rekonstruksiya qilish ekologik ekspertizaning xulosasi va sanitariya-gigiyenik xulosa boʻlgan taqdirda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda diniy tashkilotlarning takliflari inobatga olingan holda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Dafn etish joylari buzib tashlanishi mumkin emas va doimiy ravishda suv ostida qolish, koʻchkilar hamda boshqa tabiiy ofatlar tahdid etgan taqdirda belgilangan tartibda faqat tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining qaroriga binoan koʻchirilishi mumkin.
Ilgari dafn etish joylari joylashgan hududlardan foydalanishga ular koʻchirilgan paytdan eʼtiboran yigirma yil oʻtgach ruxsat beriladi. Bunday holda ushbu hududlardan faqat manzarali dov-daraxt koʻchatlari oʻtqazish uchun foydalanilishi mumkin. Bu hududlarda binolar va inshootlarni qurish taqiqlanadi.
Dafn etish joylarida marosim va ibodat inshootlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda barpo etilishi mumkin.
Qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish qonunchilikda belgilanadigan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
