9-modda. Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq hamda majburiyatlari
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi quyidagi huquqlarga ega:
ommaviy oferta yoʻllangan shaxsdan belgilangan tartibda aksept olganidan soʻng reklama beruvchi shartnoma tuzishdan bosh tortgan hollarda, bu shaxsni shartnoma tuzishga majburlash toʻgʻrisidagi hamda reklama beruvchining shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilish;
qonunchilikda belgilangan hollarda reklama beruvchidan tegishli litsenziyani talab qilish.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi:
ushbu Qonunda belgilangan reklama faoliyati va homiylik qoidalarini bajarishi;
axborot yoki boshqa materiallarni bergan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz oshkor qilmasligi;
reklama beruvchi qonunchilikning buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan axborot bergan taqdirda reklama beruvchini bu haqda vaqtida xabardor etishi shart.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
