17-modda. Televideniye va radiodagi reklama
Reklama toʻgʻrisida (723-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Teleradiotashkilotlar uchun reklamaga ajratilgan koʻrsatuv (eshittirish) vaqti koʻrsatuvning (eshittirishning) har bir soatiga 10 foizdan oshib ketmasligi kerak. Bu talab koʻrsatuvning (eshittirishning) ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallariga tatbiq etilmaydi.
45 minutdan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun toʻliq 45 minutlik vaqt oraligʻida koʻpi bilan bir marta uzib qoʻyilishi mumkin. Reklama bu koʻrsatuvlarning (eshittirishlarning) boshlanishi oldidan va (yoki) ular tugaganidan soʻng joylashtirilishi ham mumkin. 10 minutdan kam davom etadigan telekoʻrsatuvlarga (radioeshittirishlarga) umuman, 10 minutdan ortiq davom etadigan telekoʻrsatuvlarga (radioeshittirishlarga) esa bu telekoʻrsatuvlarning (radioeshittirishlarning) mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emas.
Davlat anjumanlari va marosimlari olib koʻrsatilayotgan (eshittirilayotgan) paytda uni uzib turib reklamani koʻrsatish (eshittirish) taqiqlanadi.
Bolalar davrasiga (oʻn toʻrt yoshgacha boʻlganlarga) moʻljallangan koʻrsatuvlarda (eshittirishlarda) reklama taqiqlanadi. Bu taqiq ijtimoiy reklamali axborotga tatbiq etilmaydi.
Dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradiodasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi.
Telekoʻrsatuvlar namoyish etilayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrlardan foydalanish taqiqlanadi, reklama berilayotgan paytdagi harakatlanuvchi satrlar bundan mustasno.
Telekoʻrsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning isteʼmol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.
Televideniye va radio xodimlariga axborot niqobi ostida reklama bilan shugʻullanish, yaʼni mahsulot ishlab chiqaruvchining rekvizitlarini, joylashgan manzilini, telefon raqamini, mahsulotning tijorat belgilarini koʻrsatish taqiqlanadi.
