7-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxsning arizasi;
rieltor tomonidan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish davomida olingan maʼlumotlar buyurtmachining yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
rieltorlik faoliyatini amalga oshirishda bir yil ichida ikki martadan koʻp qonunchilikni buzish sodir etilganligi;
malaka sertifikatini rieltorlik faoliyatida foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
muayyan mansabni egallash yoki xoʻjalik sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi—beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikatining amal qilishi tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish uchun ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
