8-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-269-son) · Sana: 22.12.2010 · Amalda
Malaka sertifikatini bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha malaka sertifikati bekor qilingan shaxs malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish uchun ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
