3-modda. Asosiy tushunchalar
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alohida qimmatli hujjat — oʻchmas tarixiy-madaniy va ilmiy qimmatga, jamiyat hamda davlat uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan, hisobga olish, saqlash va foydalanishning alohida tartibi belgilangan arxiv hujjati;
arxiv — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxs boʻlmagan alohida boʻlinma;
arxiv ishi — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish boʻyicha faoliyat;
arxiv fondi — yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan oʻzaro aloqador arxiv hujjatlari majmui;
arxiv hujjatlari — fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim boʻlgan matnli, qoʻlyozma va mashinada oʻqiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinohujjatlar, fotohujjatlar, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek boshqa moddiy jismlardagi yozuvlar;
arxiv hujjatlarini depozitar saqlash — arxiv hujjatlarini ularning mulkdori (egasi) bilan arxiv, muzey, axborot-kutubxona muassasasi oʻrtasidagi kelishuvda (shartnomada) belgilanadigan muddatlar va shartlar asosida mulkdorning (egasining) arxiv hujjatlariga boʻlgan mulk huquqini (egalik huquqini) saqlab qolgan holda saqlash;
arxiv hujjatining elektron nusxasi — arxiv hujjatining asl nusxasini raqamlashtirish orqali undagi axborotni oʻqish yoki koʻrish (eshitish) imkonini beruvchi koʻchirma nusxasi;
idoraviy arxiv — yuridik shaxsning oʻz faoliyati davomida shakllangan arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi;
ish yuritish — yuridik shaxsning hujjatlashtirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish boʻyicha faoliyatini taʼminlab beruvchi jarayon;
Milliy arxiv fondi — Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui;
Milliy arxiv fondining davlat katalogi — arxiv hujjatlari Milliy arxiv fondining tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
noyob hujjat — oʻzida mavjud boʻlgan axborot va (yoki) tashqi belgilari boʻyicha oʻxshashi yoʻq, yoʻqotilgan taqdirda oʻzining ahamiyati va (yoki) asl qoʻlyozmaligi nuqtai nazaridan oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan alohida qimmatli hujjat;
