4-modda. Arxiv hujjatlariga boʻlgan mulk shakllari
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Arxiv hujjatlari xususiy hamda ommaviy mulk shakllarida boʻlishi mumkin.
Davlat hokimiyati organlarida, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida, davlat muassasalari va tashkilotlarida turgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan davlat arxivlari, muzeylari va axborot-kutubxona muassasalariga topshirilgan arxiv hujjatlari davlat mulki hisoblanadi hamda mazkur hujjatlar davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa bitimlar obyekti boʻlishi mumkin emas.
Davlat muassasalari va tashkilotlari davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan taqdirda ularning arxiv hujjatlari, shu jumladan shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar davlat mulki boʻlib qoladi va belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari ularning xususiy mulkidir.
Vafot etgan fuqarolarning Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan shaxsiy arxiv hujjatlari, vasiyatnoma yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmaganda, shuningdek arxiv hujjatlarining mulkdorini aniqlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda, davlat mulkiga oʻtadi.
