27-modda. Arxiv hujjatlarini kirib koʻrish
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini kirib koʻrish foydalanuvchiga ilmiy-maʼlumotnoma apparatini, shuningdek tegishli arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini taqdim etish orqali taʼminlanadi.
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini kirib koʻrish ularning but saqlanishini taʼminlash maqsadida cheklanishi mumkin, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib koʻrishga doir cheklovlar arxiv hujjatlari tayyorlangan vaqtdan eʼtiboran yetmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin mazkur hujjatlarni kirib koʻrishga fuqaroning oʻzi tomonidan, uning vafotidan soʻng esa shu fuqaroning merosxoʻrlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Arxiv hujjatlarini kirib koʻrish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalari, shuningdek davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib koʻrishga doir cheklovlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
