25-modda. Arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlash
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Arxivlar va idoraviy arxivlarda arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlash arxivlar hamda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining zimmasiga yuklatiladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlamayotgan mulkdorlar sud qaroriga binoan mazkur hujjatlarga boʻlgan mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin, shundan soʻng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi.
Davlat arxivlarining binolari mazkur arxivlarni arxiv hujjatlarini saqlashni va ulardan foydalanishni tashkil etish talablariga javob beradigan binolar bilan taʼminlamasdan turib boshqa shaxsga oʻtkazilmasligi lozim.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarning but saqlanishini taʼminlashi shart.
Jismoniy shaxslar oʻz shaxsiy arxiv hujjatlarining but saqlanishini mustaqil ravishda taʼminlaydi.
Alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlarning sugʻurta nusxalari yaratiladi.
Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibi, shuningdek sugʻurta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
