13-modda. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi
Taʼlim toʻgʻrisida (464-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim olish maqsadida har kim umumiy oʻrta taʼlim asosida akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida oʻqishning yoʻnalishini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari egallangan kasb-hunar boʻyicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki taʼlimni navbatdagi bosqichda davom ettirish uchun asos boʻladigan oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi beradi.
Akademik litsey oʻquvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal oʻstirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yoʻnaltirilgan bilim olishlarini taʼminlaydigan uch yillik oʻrta maxsus oʻquv yurtidir.
Kasb-hunar kolleji oʻquvchilarning kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlangan kasblar boʻyicha bir yoki bir necha ixtisos olishni taʼminlaydigan uch yillik oʻrta kasb-hunar oʻquv yurtidir.
