26-modda. Elektr energiyasi isteʼmolchilarining huquqlari
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-225-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz elektr qurilmalarini hududiy elektr tarmoqlariga texnik shartlarga muvofiq ulash;
sifat koʻrsatkichlari milliy standartlarga mos boʻlgan elektr energiyasini olish;
elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatilishi sabablari toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot olish;
oʻzi isteʼmol qiladigan elektr energiyasi hajmlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga belgilangan tartibda kiritish;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki elektr taʼminoti korxonasi tomonidan elektr energiyasi toʻliq yetkazib berilmaganligi yoki sifat koʻrsatkichlari milliy standartlarga mos boʻlmagan elektr energiyasi yetkazib berilganligi sababli yetkazilgan zararning oʻrni belgilangan tartibda qoplanishi;
elektr taʼminoti shartnomasini tuzish va bajarishda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish uchun sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga murojaat qilish.
Elektr energiyasi isteʼmolchilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
