24-modda. Elektr taʼminoti shartnomasi
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-225-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Elektr taʼminoti shartnomasiga binoan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki uning elektr taʼminoti korxonasi isteʼmolchiga elektr energiyasini ulangan tarmoq orqali yetkazib berish majburiyatini oladi, isteʼmolchi esa foydalanilgan elektr energiyasi uchun haqni oʻz vaqtida toʻlash, elektr energiyasi isteʼmol qilishning shartnomada nazarda tutilgan rejimiga rioya etish, oʻzi foydalanayotgan elektr tarmoqlarining, elektr energiyasi isteʼmoli bilan bogʻliq asbob va uskunalarning lozim darajadagi texnik holatini hamda xavfsizligini taʼminlash majburiyatini oladi.
Elektr taʼminoti shartnomasining taraflar uchun majburiy boʻlgan shartlari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Elektr taʼminoti shartnomasi yuridik yoki jismoniy shaxs bilan u hududiy elektr tarmogʻiga ulanish uchun zarur uskunalarga, elektr energiyasini hisobga olish asboblariga ega boʻlgan, shuningdek Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablarini bajargan taqdirda tuziladi.
