23-modda. Avariya rejimini bartaraf etish
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-225-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Avariya rejimini bartaraf etishda tizim operatori yagona elektr energetikasi tizimida mavjud boʻlgan barcha zaxira quvvatlarni jalb etish, shuningdek elektr energiyasi isteʼmoliga cheklovlar joriy etish huquqiga ega.
Elektr energiyasi isteʼmoliga cheklovlar, birinchi navbatda, qaysi isteʼmolchi yuridik shaxslarning uskunalari elektr energetikasi tizimi ishlab turishining ishonchliligiga, elektr energiyasi sifatiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, oʻsha isteʼmolchi yuridik shaxslarga nisbatan joriy etiladi.
Avariya rejimini bartaraf etishda uzluksiz ishlab chiqarish jarayoniga ega boʻlgan, ushbu ishlab chiqarishning toʻxtatilishi odamlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilishiga, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan isteʼmolchi yuridik shaxslarga nisbatan elektr energiyasi isteʼmolini cheklash faqat alohida hollarda va belgilangan tartibda tizim operatori tomonidan amalga oshiriladi.
Avariya rejimi vujudga kelganda elektr energiyasi isteʼmolini cheklash tartibi, shuningdek elektr energiyasi isteʼmoliga cheklovlar joriy etilishi mumkin boʻlgan isteʼmolchilar guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
