39-modda. Davlat budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilar budjetdan ajratiladigan mablagʻlardan hisobot davrida foydalanganlik toʻgʻrisidagi hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga shu vazirlik belgilagan muddatlarda taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan hamda mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilar budjetdan ajratiladigan mablagʻlardan hisobot davrida foydalanganlik toʻgʻrisidagi hisobotlarni tegishli moliya organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan muddatlarda taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan muddatlarda tuzadi va ushbu hisobotni tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligiga, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar moliya organlariga taqdim etadi.
Tumanlarning, shuningdek respublika (Qoraqalpogʻiston), viloyat boʻysunuvidagi shaharlarning moliya organlari shahar, tuman budjetining hisobot davridagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tegishli hokimliklarga hamda yuqori moliya organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan muddatlarda taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya organlari tegishli budjetlarning hisobot davridagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va tegishli hokimliklarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga shu vazirlik belgilagan muddatlarda taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari budjetlar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqib maʼqullanganidan keyin bu hisobotlarni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organlariga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi soliqlar, yigʻimlar, bojlar va boshqa majburiy toʻlovlarning Davlat budjetiga hisobot davridagi tushumlari toʻgʻrisidagi hisobotni har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etadi.
