40-modda. Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kelgusi moliya yili uchun Davlat budjetini qabul qilayotganda davlat ichki va tashqi qarzining eng yuqori miqdorlarini tasdiqlaydi.
Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablagʻ jalb qilishga hamda davlat qarzi koʻpayishiga olib keladigan boshqa harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablagʻ jalb qilish:
1) iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, shu jumladan davlat investitsiya dasturlarini moliyalashtirish;
2) Davlat budjeti daromadlari bilan xarajatlari oʻrtasida tushumlar vaqtga koʻra muvofiq emasligi tufayli kelib chiqqan yillik ichki tafovutni toʻgʻrilash;
3) mavjud qarzni qayta moliyalashtirish;
4) budjet taqchilligini moliyalashtirish;
5) tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar tufayli mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojlarni qoplash maqsadida amalga oshirilishi mumkin.
Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablagʻ jalb qilishda qarz majburiyatlarining quyidagi turlaridan foydalanish mumkin:
1) qisqa muddatli (bir yilgacha boʻlgan davrga chiqariladigan), oʻrtacha muddatli (bir yildan besh yilgacha boʻlgan davrga chiqariladigan) va uzoq muddatli (besh yildan ortiq davrga chiqariladigan) davlat qimmatli qogʻozlari;
2) kreditlar (qisqa muddatli, oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli);
3) Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlari;
4) budjet daromadlari bilan xarajatlari oʻrtasidagi vaqtinchalik tafovutni qoplash uchun qisqa muddatli ssudalar;
5) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat tomonidan amalga oshirilgan barcha mablagʻ jalb qilishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga axborot taqdim etadi.
Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ davlat qarziga xizmat koʻrsatuvchi va davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish boʻyicha hisob-kitoblarning oʻz vaqtida va toʻgʻri yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi agent vazifasini bajarishlari yuzasidan banklar, moliya tashkilotlari bilan shartnomalar tuzishi mumkin.
