27-modda. Davlat budjeti loyihasini tayyorlash
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti loyihasini budjet mablagʻlari oluvchilar taqdim etgan buyurtmalarga va Davlat budjetining tuzilmasiga kiruvchi budjetlar loyihalariga muvofiq tayyorlaydi.
Kelgusi moliya yiliga moʻljallangan Davlat budjeti loyihasi:
1) budjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladigan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarini;
2) umumdavlat soliqlaridan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlariga ajratmalar normativlari, shuningdek mazkur budjetlarning daromadlari, shu jumladan budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari hamda xarajatlari miqdorlarini;
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining aylanma kassa mablagʻi meʼyori miqdorlarini;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlari zaxira jamgʻarmalarining nazarda tutilmagan xarajatlarni qoplashga tegishli budjet mablagʻlari yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan doiradagi miqdorlarini;
5) Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori miqdori va uni moliyalashtirish manbalarini;
6) davlat ichki va tashqi qarzlarining, davlat tomonidan beriladigan kreditlar hamda kafolatli jamgʻarmaning eng yuqori miqdorlarini oʻz ichiga oladi.
Kelgusi moliya yiliga moʻljallangan Davlat budjeti loyihasini tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri amalga oshiradi.
