26-modda. Davlat budjeti loyihasini tayyorlash muddatlari
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Kelgusi moliya yiliga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar olishga buyurtmalar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan — joriy yilning birinchi iyunidan kechiktirmay tegishli moliya organlariga;
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan — joriy yilning birinchi iyulidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Kelgusi moliya yiliga tegishli budjetlar loyihalari:
tumanlar va shaharlar hokimliklari moliya organlari tomonidan — mahalliy hokimiyat vakillik organlari belgilagan tartibda va muddatlarda, biroq joriy yilning yigirma beshinchi iyunidan kechiktirmay yuqori moliya organlariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda, biroq joriy yilning birinchi iyulidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kelgusi moliya yiliga moʻljallangan Davlat budjeti loyihasini tayyorlaydi, uni joriy yilning oʻn beshinchi sentyabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi hamda Davlat budjeti loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan birga joriy yilning birinchi oktyabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
