25-modda. Budjet soʻrovi
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan muddatlarda kelgusi moliya yiliga:
tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalari loyihalarini tayyorlash uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni olishga buyurtmalar tuzish uchun — respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilarga budjet soʻrovi yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari budjet soʻrovi olinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tegishli budjetlar loyihalarini tuzish, ushbu loyihalarni tayyorlash tartibini va muddatlarini belgilash yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya organlari ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan qarorlar qabul qilinganidan keyin uch kunlik muddat ichida:
tegishli budjetlar loyihalarini tayyorlashi uchun — tuman va shahar hokimlariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlardan budjet mablagʻlari olishga buyurtmalar tuzish uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlari oluvchilarga budjet soʻrovlari yuboradi.
Viloyatga boʻysunadigan shaharlarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning hamda shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning hokimlari budjet soʻrovi olinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tegishli budjetlar loyihalarini tuzish, bu loyihalarni tayyorlash tartibini va muddatlarini belgilash yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Tuman va shahar hokimliklarining moliya organlari ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan qarorlar qabul qilinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tumanlar va shaharlarning budjetlaridan budjet mablagʻlari olish uchun asoslangan buyurtmalar tuzish uchun — shu tuman va shahar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablagʻlarini oluvchilarga budjet soʻrovlari yuboradi.
Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar olish uchun beriladigan buyurtma shakli va uni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
