21-modda. Davlat budjeti mablagʻlarini budjetlar oʻrtasida qayta taqsimlash
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Davlat budjeti mablagʻlari turli darajadagi budjetlar oʻrtasida quyidagi yoʻllar bilan qayta taqsimlanadi:
yuqori budjetlardan quyi budjetlarga budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari berish;
budjet ijrosi jarayonida paydo boʻlgan oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha mablagʻlarni yuqori budjetdan quyi budjetga, shuningdek quyi budjetdan yuqori budjetga yoʻnaltirish;
budjet ssudalari ajratish.
Respublika budjetidan budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlariga qabul qilingan Davlat budjeti doirasida ajratiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlaridan budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari tumanlar va shaharlar budjetlariga tegishli qabul qilingan budjetlar doirasida ajratiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetida va mahalliy budjetlarda daromadlar va xarajatlar oʻrtasida paydo boʻladigan vaqtinchalik uzilish aylanma kassa mablagʻi meʼyori hisobiga, yuqori budjetlardan beriladigan budjet ssudalari, foydalanilmagan budjet mablagʻlari qoldiqlari hisobiga qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetida, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarida nazarda tutilgan ayrim xarajatlarni maqsadli moliyalashtirish uchun quyi budjetlar hisobiga kiritiladigan daromadlarni respublika budjetiga oʻtkazishi mumkin.
