10-modda. Budjet tasnifi
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Budjet tasnifi Davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar daromadlari va xarajatlarini, shuningdek uning taqchilligini moliyalashtirish manbalarini guruhlashdan iboratdir.
Budjet tasnifi Davlat budjetini tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish hamda ijro etish maqsadida budjet maʼlumotlarini tizimga solish uchun foydalaniladi va u budjet maʼlumotlari xalqaro tasnif tizimlarining aynan shunday maʼlumotlari bilan qiyoslanishini taʼminlaydi.
Budjet tasnifi:
Davlat budjeti daromadlarining tasnifini;
Davlat budjeti xarajatlarining vazifa jihatidan, tashkiliy va iqtisodiy tasnifini;
Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifini oʻz ichiga oladi.
Davlat budjeti daromadlarining tasnifi qonun hujjatlariga muvofiq ularni turlari va manbalari boʻyicha guruhlashdan iborat boʻladi.
Davlat budjeti xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifi davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa budjet tashkilotlari tomonidan ijro etiladigan asosiy vazifalar boʻyicha xarajatlarni guruhlashdan iborat boʻladi.
Davlat budjeti xarajatlarining tashkiliy tasnifi budjetdan ajratiladigan mablagʻlar ularni bevosita oluvchilar oʻrtasida taqsimlanishini aks ettiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tadbirlar turlari boʻyicha xarajatlarni guruhlashdan iborat boʻladi.
Davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifi toʻlovlarning iqtisodiy vazifasi va turlari boʻyicha xarajatlarni guruhlashdan iborat boʻladi.
Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifi taqchillikni moliyalashtirishning ichki va tashqi manbalari boʻyicha guruhlashdan iborat boʻladi.
Budjet tasnifi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
