6-modda. Hokimiyat tuman idoralarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yer munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagilar hokimiyat tuman idoralarining ixtiyorida boʻladi:
yerlardan foydalanishni va uni muhofaza qilishni nazorat etish;
fuqarolarga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, dehqon xoʻjaliklariga egalik qilish, foydalanish uchun hamda ijaraga yer berish, shuningdek tubdan yaxshilash ishlari amalga oshirilgan sugʻoriladigan yerlar, pichanzorlar va yaylovlardan tashqari qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarni; birinchi guruhga mansub oʻrmonlar bilan qoplangan yerlardan tashqari oʻrmon fondi yerlarini; sanoat, transport, aloqa, mudofaa obyektlari egallab turgan va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlarni; suv fondi yerlarini olib qoʻyish — bitta yer egasiga va bitta yerdan foydalanuvchiga 10 gektargacha maydonda;
fuqarolarga, korxonalarga, muassasalarga va tashkilotlarga zaxira yerlardan yer uchastkasining katta-kichikligidan qatʼi nazar, egalik qilish, foydalanish uchun hamda ijaraga yer berish;
yer uchastkalarini fuqarolarning meros qilib qoldiriladigan umrbod egaligiga kim oshdi asosida sotish;
ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan egalik qilish va foydalanish huquqlarini toʻxtatish sabablari belgilangan tartibda tasdiqlanganidan keyin yerga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini toʻxtatib qoʻyish, posyolka va qishloq oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari, hokimiyatning tuman boʻysunuvidagi shahar idoralarining vakolat doirasiga kiruvchi hollar bundan mustasno;
yer uchastkalariga mulkdorlik, yerga egalik qilish, undan foydalanish huquqlarini shuningdek yerni ijaraga olish shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazish;
jamoa xoʻjaliklari tuzilgan, qayta tashkil etilgan va tugatilgan hollarda ularning yerga egalik qilishi masalalarini hal etish;
yer-kadastr hujjatlarining yuritilishini tashkil etish;
yer tuzish ishlarini tashkil etish;
fuqarolarga jamoat bogʻdorchiligi va uzumchiligi uchun, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga berib qoʻyilgan yer uchun yer soligʻi va ijara haqi undirish.
Hokimiyatning tuman boʻysunuvidagi shahar idoralari yer munosabatlarini tartibga solish sohasida hal etadigan masalalar doirasini hokimiyatning tuman idoralari belgilab qoʻyadilar.
