40-modda. Qishloq aholi punktlarining yerlari
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Qishloq aholi punktlari yerlariga yer tuzish tartibida ana shu punktlar uchun belgilab qoʻyilgan chegaralar doirasidagi hamma yerlar kiradi.
Qishloq aholi punktlarining yerlari quyidagilardan iborat:
1) qishloq aholi punktlarining qishloq oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari ixtiyoridagi yerlaridan. Ana shu aholi punktlarining chegaralari doirasida qishloq oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari egalik qilish, foydalanish uchun va ijaraga yer uchastkalari berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
2) qishloq aholi punktlarining qishloq xoʻjalik hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari ixtiyoridagi yerlaridan. Bu aholi punktlarida yerlar Ushbu Qonunning 12-moddasida belgilangan tartibda beriladi.
Qishloq aholi punktlarining doirasi hokimiyatning tuman idoralari tomonidan ularni planlashtirish, qurish hamda xoʻjalik ichida yer tuzish loyihalariga muvofiq belgilanadi va oʻzgartiriladi.
Qishloq aholi punktlarining yerlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari bilan belgilanadi.
Qishloq xoʻjalik va oʻrmon xoʻjalik korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining qishloq aholi punktlari shahar doirasiga kiritilgach, qishloq xoʻjalik maqsadlaridagi yerlar jumlasidan chiqariladi va tegishli shahar yerlari tarkibiga kiritiladi.
Bunday ayrim binolar va inshootlar ularga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari bilan birga kolxozlar, sovxozlar va boshqa xoʻjalik hamda oʻrmon xoʻjalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining xohishiga koʻra doimiy foydalanish uchun ular ixtiyorida qoldirilishi mumkin, qolgan binolar va inshootlarning haqi va shu aholi punktlari hududida qilingan boshqa xarajatlar esa yer egalariga mahalliy budjetdan toʻlanadi.
