41-modda. Sanoat, transport, aloqa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun tegishli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga berib qoʻyilgan yerlar sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar, deb eʼtirof etiladi.
Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Sanoat yerlari jumlasiga sanoat korxonalariga, shu jumladan undirma sanoat, energetika korxonalariga ishlab chiqarish va yordamchi binolar va inshootlar qurilishiga doimiy foydalanish uchun berib qoʻyilgan yerlar kiradi.
Transport yerlari jumlasiga temir yoʻl, ichki suv transporti, avtomobil, havo va quvur transporti korxonalariga transport inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlarni ishlatish, saqlab turish, qurish qayta qurish, taʼmirlash, takomillashtirish va rivojlantirish boʻyicha ular zimmasiga yuklatilgan maxsus vazifalarni amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga berib qoʻyilgan yerlar kiradi.
Aloqa yerlari jumlasiga aloqa liniyalarini hamda ana shu liniyalarda inshootlarni joylashtirish uchun aloqa, radioeshittirish, televideniye va axborot korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga doimiy foydalanish uchun berib qoʻyilgan yerlar kiradi.
Transport yerlari, kabel, radiorele va aloqaning havo liniyalariga qarashli yerlarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyilgan tartibda muhofaza zonalari oʻrnatiladi.
SSR Qurolli Kuchlari, chegara, ichki va temir yoʻl qoʻshinlari harbiy qismlari, muassasalari, harbiy oʻquv yurtlari, korxonalari va tashkilotlarining joylashishi va doimiy faoliyati uchun berib qoʻyilgan yerlar mudofaa ehtiyojlari uchun kerakli yerlar deb eʼtirof etiladi.
Boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan yerlar jumlasiga korxonalar, muassasalar va tashkilotlar foydalaniladigan, qishloq xoʻjalik yerlari, aholi punktlari, sanoat, transport, aloqa, mudofaa, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, dam olish va tarixiy-madaniy maqsadlarga xizmat qiladigan yerlar tarkibiga, shuningdek oʻrmon va suv fondlari tarkibiga kirmagan barcha qolgan yerlar kiradi.
