18-modda. Yerdan foydalanuvchilarning huquqlari va burchlari
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yerdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:
1) yerni berish shartlariga muvofiq undan foydalanish;
2) yer uchastkasidagi mavjud keng tarqalgan foydali qazilmalar, oʻrmonlar, suv obyektlaridan belgilangan tartibda foydalanish, shuningdek yerning boshqa foydali xossalarini ishga solish;
3) yer bergan oʻzini oʻzi boshqaruv idorasi va hokimiyat idorasining roziligi bilan uy-joy, ishlab chiqarish imoratlari, madaniy-maishiy binolar va boshqa inshootlar qurish;
4) yerdan foydalanish toʻxtatilgan taqdirda yerni yaxshilash uchun oʻz hisobidan sarflangan mablagʻni undirish;
5) qishloq xoʻjalik ekinzorlari, yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsuloti va uni sotishdan kelgan daromadga egalik qilish;
6) Yer uchastkasini yoki uning bir qismini hokimiyat mahalliy idoralarining qaroriga binoan vaqtincha foydalanish uchun berish;
7) Qishloq xoʻjalik ekinlarini, daraxt va butalarni sugʻorish uchun hamda boshqa maqsadlar uchun sugʻorish manbalardan va kanallardan belgilangan limitlarga muvofiq suv olish.
Yerdan foydalanuvchilar quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
1) yerdan uni berish chogʻida belgilab qoʻyilgan maqsadlar va shartlarga muvofiq foydalanishni taʼminlash;
2) oʻziga berilgan yerdan samarali foydalanish, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyasini qoʻllash, oʻz xoʻjalik faoliyati natijasida hududda ekologiya vaziyati yomonlashuviga yoʻl qoʻymaslik;
3) ushbu Qonunda koʻzda tutilgan yerlarni muhofaza qilishga oid turkum tadbirlarni amalga oshirish;
4) yer soligʻini yoki yer uchun ijara haqini oʻz vaqtida toʻlab turish;
5) yer egalarining, yerdan foydalanuvchi boshqa kishilarning, shu jumladan ijarachilarning huquqlarini buzmaslik;
6) foydali qazilma konlarini kavlash uchun, qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qishloq xoʻjalik yerlari va oʻrmonzorlarni ehtiyoj qolmaganidan keyin qishloq xoʻjaligi, oʻrmon yoki baliq xoʻjaligida foydalanish uchun yaroqli holga, mazkur ishlar boshqa yerlarda amalga oshirilgan, hollarda esa — belgilangan maqsadlarda foydalanish uchun oʻz hisobidan yaroqli holatga keltirish;
7) foydali qazilma konlarini kavlash chogʻida, shuningdek boshqa ishlarni amalga oshirish paytida oʻzlariga foydalanish uchun berilgan yer uchastkalaridan tashqarida qishloq xoʻjalik ekinzorlari, oʻrmonlar va boshqa yerlarga salbiy taʼsir koʻrsatishning oldini olish yoki uni mumkin qadar cheklash chora-tadbirlarini nazarda tutish va amalga oshirish.
