19-modda. Yer uchastkalariga mulkdorlik va yerga egalik huquqining kafolatlari
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga berilgan yer uchastkalari ularning xohishiga koʻra hokimiyatning tuman yoki shahar idoralari tomonidan avvalgi yeriga teng qiymatli yer uchastkalari ajratilgach, shu yer uchastkasi olib berilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yangi joyda olib qoʻyilayotganining oʻrniga uy-joylar, ishlab chiqarish binolari va boshqa imoratlarni qurib berganidan keyin hamda ushbu Qonunning 50-moddasiga muvofiq boshqa barcha zararlarni toʻla hajmda toʻlaganidan keyin davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olinishi mumkin.
Kolxozlar, sovxozlar, qishloq xoʻjalik ilmiy tadqiqot muassasalari va oʻquv xoʻjaliklarining, boshqa davlat, kooperativ, jamoat qishloq xoʻjalik va oʻrmon xoʻjaligi korxonalarining yerlari ularning xohishiga koʻra olib qoʻyilgan imoratlar oʻrniga uy-joylar, ishlab chiqarish binolari va boshqa imoratlar qurib berilganidan keyin hamda ushbu Qonunning 50-moddasiga muvofiq boshqa barcha zararlar toʻla hajmda toʻlanganidan keyin davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olinishi mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslar mulki boʻlgan savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari, shuningdek turar joy binolari va boshqa binolar yoki binolarning bir qismi yer uchastkalari bilan birga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun mulkdorni kamida bir yil oldin ogoh etib, bozor narxida sotib olinishi mumkin.
