16-modda. Yer soligʻi va yer uchun ijara haqi
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Oʻz mulkida, egaligida, foydalanishida yer uchastkalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar yer soligʻi toʻlaydilar, uning miqdori yer uchastkasining sifatiga, joylashishiga va suv bilan taʼminlanish darajasiga qarab belgilanadi. Oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari hamda hokimiyat idoralari yerni ijaraga bergan hollarda yer uchun haq ijara haqi shaklida olinadi, uning miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi va u yer soligʻi stavkasidan kam boʻlmasligi kerak.
Yer soligʻi toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
1) Davlat qoʻriqxonalari, milliy tabiat bogʻlari, dendrologiya bogʻlari, botanika bogʻlari, buyurtma qoʻriqxonalar, tarix va madaniyat yodgorliklari;
2) buzilgan yoki qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlarni egalikka yoki foydalanishga olgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kollektivlar va fuqarolar besh yil mobaynida;
3) Dehqon xoʻjaliklari roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab dastlabki ikki yil mobaynida;
4) qishloq xoʻjalik yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va oʻquv yurtlarining tajriba dalalari, mol haydab boriladigan yoʻllar, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport muassasalari,dam olish va sogʻlomlashtirish inshootlari, gidrometeorologiya stansiyalari va postlari egaligidagi hamda foydalanishidagi yerlar — bu tashkilotlarga yordamchi qishloq xoʻjalik ishlari olib borish uchun berib qoʻyilgan yerlardan tashqari
5) kam sonli xalqlar va etnik guruhlar istiqomat qiladigan va xoʻjalik faoliyati bilan mashgʻul boʻlgan joylardagi anʼanaviy kasblar bilan shugʻullanuvchi korxonalar;
6) suv manbalari, kanallar va kollektorlardan foydalanuvchi suv xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari;
7) Ulugʻ Vatan urushi nogironlari va qatnashchilari hamda baynalmilal burchini bajargan shaxslar, I va II darajadagi mehnat nogironlari, I va II darajaga oid koʻzi ojiz nogironlar va harbiy xizmatchilar jumlasidan boʻlgan ishlab turgan nogironlar, boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar, bolaligidan nogironlar;
8) boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan hollarda.
Yer uchun toʻlovlar qishloq oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari, hokimiyatning tegishli tuman va shahar idoralari budjetlariga tushadi. Toʻlovlarning bir qismi respublika ( avtonom respublika) tadbirlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi budjetida markazlashtiriladi.
