121-modda. Yer uchastkalariga mulk huquqining yuzaga kelishi
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga mulk huquqi savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda tanlov yoki kim oshdi savdosi oʻtkazish natijasida yuzaga keladi. Tanlov yoki kim oshdi savdosining zarur sharti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi yoki uning xududiy organi bilan yangi mulkdor oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma tuzishdan iborat.
Yer uchastkalariga chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning — diplomatiya korpusi xodimlarining, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan matbuot vakillarining, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar doimiy vakolatxonalari xodimlarining, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslarning, shuningdek respublikada doimiy istiqomat qilayotgan va istiqomat qilish uchun guvohnomasi boʻlgan shaxslarning mulk huquqi ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda turar joy binolari shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga sotilayotganida yuzaga keladi.
Diplomatiya vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarning yer uchastkalariga mulk huquqi ularga vakolatxona binosi, shu jumladan, vakolatxona boshligʻi qarorgohi sifatida foydalanib kelinayotgan binolar yoki binolarning bir qismi shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga, shuningdek mazkur vakolatxonalarning binolarini qurish uchun yer uchastkalari sotilayotganida yuzaga keladi.
