12-modda. Yer uchastkalari berish (sotish)
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Belgilangan tartibda ajratib berilgan (sotilgan) yer uchastkalarigagina egalik qilish va ulardan foydalanish mumkin.
Yer uchastkalarini ajratib berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda hokimiyat va oʻzini oʻzi boshqaruv mahalliy idoralari tomonidan qonunlarda belgilab qoʻyiladigan tartibda amalga oshiriladi.
Egalikdagi yoki foydalanishdagi yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (sotish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qoʻyilganidan keyingina amalga oshiriladi.
Sanoat korxonalari, temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari, elektr uzatish liniyalari, bosh quvur yoʻllari qurish uchun, shuningdek qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ehtiyojlar uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqsiz boʻlgan yerlar yoxud sifati yomon boʻlgan qishloq xoʻjalik yerlari beriladi. Mazkur maqsadlar uchun oʻrmon fondiga qarashli yerlardan yer uchastkalari asosan oʻrmon bilan qoplanmagan maydonlar yoki butazorlar va qimmati kam oʻsimliklar bilan qoplangan maydonlar hisobidan beriladi.
Tegishli yer tuzuvchi tashkilotlar berilgan (sotilgan) yer uchastkasining chegaralarini naturada (joyning oʻzida) belgilagunlaricha va yerga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar berilguncha ana shu uchastkaga egalik qilish yoki foydalanish taqiqlanadi.
Yerlarni berish (sotish) tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
