10-modda. Yerga egalik qilish va undan foydalanish
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yer qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligini yuritish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga doimiy egalik qilish uchun, qonunlarda koʻzda tutilgan hollarda esa boshqa maqsadlar uchun ham beriladi.
Doimiy yoki vaqtincha foydalanish uchun yer:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga;
sanoat, transport hamda qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanmaydigan boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga;
mudofaa ehtiyojlari uchun;
diniy tashkilotlarga;
chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi qoʻshma korxonalarga, xalqaro birlashmalarga hamda tashkilotlarga beriladi.
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun ayrim shaxslarga yer uchastkalari meros qilib qoldirish huquqi bilan umrbod egalik qilish uchun va foydalanish uchun beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan hollarda yer foydalanish uchun boshqa tashkilotlar va shaxslarga ham beriladi.
Yerdan vaqtincha foydalanish qisqa muddatli — uch yilgacha va uzoq muddatli — uch yildan oʻn yilgacha boʻlishi mumkin. Ishlab chiqarish ehtiyojlari talab qilgan hollarda bu muddatlar tegishli suratda qisqa muddatli yoki uzoq muddatli vaqtincha foydalanish muddatlaridan ortiq boʻlmagan davrga uzaytirilishi mumkin. Yer uchastkalaridan vaqtincha foydalanish muddatlarini ana shu uchastkalarni bergan idoralar uzaytiradi.
Yaylov chorvachiligi uchun yer uchastkalari qishloq xoʻjalik korxonalariga, muassasalar hamda tashkilotlarga 25 yilgacha muddatga berilishi mumkin.
Import va inshootga mulkchilik huquqi oʻtgan taqdirda ana shu obyektlar bilan birgalikda yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoki undan foydalanish huquqi ham Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda va shartlar asosida oʻtadi.
Qishloq xoʻjalik hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yerdan doimiy foydalanish huquqi yerdan doimiy foydalanish huquqini beruvchi Davlat hujjati bilan tasdiqlanadi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning yerdan doimiy foydalanish huquqi yerdan foydalanish huquqini beruvchi Davlat hujjati bilan tasdiqlanadi.
Davlat hujjatlarining shakli, ularni roʻyxatga olish va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilanadi.
