7-modda. Mahalliy soliqlar va yigʻimlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Mahalliy soliqlar va yigʻimlarga quyidagilar kiradi:
1) mol-mulk soligʻi;
2) yer soligʻi;
3) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi;
4) jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;
5) ayrim turlardagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yigʻim;
6) yuridik shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni roʻyxatga olganlik uchun yigʻim.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalliy soliqlar va yigʻimlar ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan mahalliy soliqlar va yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan joriy etiladi va respublikaning butun hududida undiriladi. Bu soliqlar va yigʻimlar stavkalarining miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning 3—8-bandlarida nazarda tutilgan mahalliy soliqlar va yigʻimlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari tomonidan joriy etiladi. Bu mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yangi mahalliy soliqlar va yigʻimlarni joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan muvofiqlashtirilishi lozim.
Mahalliy soliqlar va yigʻimlar mahalliy budjetga oʻtkaziladi.
