17-modda. Jami daromadning tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Jami daromadga joʻnatilgan tovar, bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar va boshqa operatsiyalar uchun yuridik shaxs olishi lozim boʻlgan (olgan) yoki tekinga olgan pul yoxud boshqa mablagʻlar kiradi.
Bunday daromadlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan keladigan tushum;
2) asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, qimmatli qogʻozlar, intellektual mulk obyektlari, materiallar va boshqa aktivlarni realizatsiya qilishdan keladigan daromad;
3) foizlar koʻrinishidagi daromadlar;
4) dividendlar;
5) tekinga olingan mol-mulk;
6) mol-mulkni ijaraga (lizingga) berishdan keladigan daromad;
7) royalti;
8) tekin moliyaviy yordam (davlat budjetidan berilgan subsidiyalar bundan mustasno);
9) daʼvo muddati oʻtkazib yuborilgan kreditorlik va deponent qarzdorlikni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar;
10) ilgari chegirib tashlangan xarajatlar, zararlar yoki shubhali qarzlarning oʻrnini qoplash tariqasida olingan daromadlar;
11) valyuta hisobvaraqlaridagi kurs boʻyicha musbat farq;
12) favqulodda daromadlar;
13) boshqa daromadlar.
