1-modda. Hamkorlik sohalari
Jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 19.06.2008 · Amalda
1. Tomonlar jinoyatchilikning oldini olish, aniqlash, bartaraf etish va fosh etishda hamkorlik qiladilar, xususan:
shaxsning hayoti, sogʻligʻi, ozodligi va qadr-qimmatiga, shuningdek, mulkka qarshi jinoyatlar;
terroristik aktlar;
korrupsiya;
narkotik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy ishlab chiqarilishi hamda aylanishi;
qurol-yaroq, shu jumladan, biologik, kimyoviy va radiologik qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, yadro va radioaktiv ashyolar, shuningdek, zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi;
iqtisodiyot, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, shuningdek qalbaki pul belgilari, moliyaviy hujjatlar, qimmatli qogʻozlar, naqd pulsiz toʻlovlar vositalarini tayyorlash va sotish sohasidagi jinoyatlar;
kontrabanda;
noqonuniy migratsiya, odam oʻgʻirlash, odam savdosi, shuningdek, transplantatsiya uchun odam aʼzolari va toʻqimalari savdosi bilan bogʻliq jinoiy faoliyat;
madaniy va tarixiy boyliklarga aloqador buyumlar, sanʼat asarlari, qimmatbaho toshlar va metallar, intellektual mulk, shuningdek, boshqa boyliklarning noqonuniy aylanishi;
ekologiya sohasidagi jinoyatlar;
axborot texnologiyalari, shu jumladan, kompyuter-axboroti sohasidagi jinoyatlar;
harakatlanish xavfsizligiga va transportdan foydalanishga qarshi jinoyatlar;
transport vositalarini talon-toroj qilish va noqonuniy aylanishi.
2. Tomonlar shuningdek, quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
kadrlarni oʻqitish, maxsus tayyorlash va malakasini oshirish;
jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va axborot tizimlari, aloqa vositalari na maxsus texnikani rivojlantirish;
jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida oʻzaro manfaatdor boshqa sohalar, shu jumladan, bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish, oʻgʻirlangan yoki yoʻqotilgan buyumlarni qidirish hamda murdalar shaxsini aniqlash.
3. Ushbu Bitim tutib topshirish va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish masalalariga daxl qilmaydi.
