11-modda. Foizlar
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, bunday foizlar, agar dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda ana shu Davlatning qonunlariga asosan ham soliqqa tortilishi mumkin, biroq foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, unda soliq foizlar yalpi miqdorining 5 foizidan oshmasligi kerak.
3. “Foizlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda qarzdorning foydada ishtirok etish huquqlari mavjudligi va ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadlarni, xususan Hukumat qimmatli qogʻozlaridan olinadigan daromadlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlaridan daromadlar, shu jumladan, mukofotlar va ushbu qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan yutuqlar tushuniladi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar (neustoykalar) ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida qaralmaydi.
4. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyatini u erda joylashgan doimiy muassasa orqali olib borayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan ham haqiqatdan bogʻliq boʻlsa, mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab, 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
5. Foizlarni toʻlovchi Davlatning oʻzi, maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari, mahalliy hokimiyat organlari yoki shu Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, shu tufayli qarz majburiyatidan foizlar toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki baza toʻlash boʻyicha xarajatlarni amalga oshirsa, bunda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan deb hisoblanadi.
