12-modda. Royalti
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq, royaltilar qayerda yuzaga kelgan boʻlsa, oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda ham uning qonunlariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, biroq agarda royaltining haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, ushbu holatda undiriladigan soliq royalti yalpi miqdorining 8 foizidan oshmasligi lozim.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida har qanday adabiy, sanʼat va ilmiy asarlarni, shu jumladan, kinofilmlar, radio va televideniye uchun yozuvlar, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki modellar, sxema, kompyuter dasturlari, maxfiy formula yoxud jarayonlar yoki har qanday sanoat, tijorat yoinki ilmiy uskuna, yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli boʻlgan har qanday mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqdan foydalanish huquqi uchun haq tarzida olinadigan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Agar royaltilarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirayotgan boʻlsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mol-mulk shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlsa, mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlish yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati kelib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki baza toʻlash boʻyicha xarajatlarni amalga oshirsa, unda bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi yoki ularning ikkalasi va boshqa biron-bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga taalluqli huquqqa yoki axborot uchun toʻlanadigan royaltining miqdori toʻlovchi va amalda shu daromadlarni olish huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bu holda, toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortiladi.
