10-modda. Dividendlar
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday dividendlar, shuningdek dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, biroq agar dividendlarning amaldagi egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda shu tarzda olingan soliqning miqdori dividendlar yalpi miqdorining 5 foizidan oshmasligi kerak.
Bu band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasini soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanganida, aksiyalardan yoki qarz talablari hisoblanmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi aksiyalardan foydalanish yoxud huquqlardan foydalanish, kon qazish sanoati aksiyalaridan, muassislar aksiyalari va boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi xuddi shunday soliqlar orqali tartibga solinadigan boshqa daromadlarni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgani holda, ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini u erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni u erda joylashgan doimiy bazadan koʻrsatsa va dividendlar toʻlanadigan xolding aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, sharoitga qarab, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlarni soliqqa tortmasligi mumkin, bunday dividendlar ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki dividendlar toʻlanadigan xolding shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi.
