3-modda. Uchinchi davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish
Readmissiya toʻgʻrisida · Sana: 04.07.2007 · Amalda
1. Soʻralayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari soʻrayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari soʻrovi bilan soʻralayotgan Tomon davlati hududiga shu davlat qonunchiligini buzgan holda kelgan yoki boʻlgan uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni qabul qiladi, agarda soʻralayotgan Tomon davlatining hududiga ushbu shaxslar soʻrayotgan Tomon davlatining hududidan kirib kelganligi aniqlansa, ushbu shaxslarni qabul qilib oladi.
2. Agar uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlmasalar va oʻz davlatining vakolatli organi tomonidan fuqaroligi toʻgʻrisida yoki turar joyi toʻgʻrisidagi hujjatni berishning imkoni mavjud boʻlmasa, soʻralayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari oʻz davlatining hududiga ushbu shaxslar kirishlari uchun hujjat beradi.
3. Agar soʻralayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari tomonidan olib borilgan tekshiruv natijasida ushbu shaxslarni oʻtkazish va qabul qilib olish uchun mazkur moddaning 1-bandida keltirilgan holatlarning mavjud emasligi aniqlansa, soʻrayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari oʻzlari yuborgan shaxsni yuborilgan kundan boshlab 30 kun ichida qaytarib qabul qilib oladilar. Bunday holda soʻralayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari oʻzlarida mavjud boʻlgan va ushbu shaxsga taalluqli boʻlgan hujjatlarni soʻrayotgan Tomon davlatining vakolatli organlariga beradilar.
4. Mazkur moddaning qoidalari quyidagilarga qoʻllanilmaydi:
soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga qonuniy tarzda kirib kelish paytida ushbu davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan haqiqiy viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslarga;
soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga xalqaro shartnomalarga muvofiq qonuniy tarzda vizasiz tartibda kirib kelgan shaxslarga;
viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash uchun ruxsatnomalar soʻrayotgan Tomon davlatining vakolatli organlari tarafidan ushbu davlatning hududiga kirib kelganidan keyin berilgan shaxslarga.
