10-modda. Axborot almashinuvi va kadrlarni tayyorlash
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini toʻldiruvchi odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida · Sana: 15.11.2000 · Amalda
1. Ishtirokchi-davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi, migratsiya va boshqa tegishli organlar tegishli hollarda bir-birlari bilan oʻzlarining ichki qonunchiligiga muvofiq quyidagilarni aniqlashga imkon beruvchi axborot almashinuvi yoʻli bilan oʻzaro hamkorlik qiladilar:
a) kirish/chiqish hujjatlarisiz yoki boshqa shaxslarga tegishli shunday hujjatlar bilan xalqaro chegarani kesib oʻtayotgan yoki kesib oʻtishga urinayotgan shaxslar odam savdogarlari yoki bunday savdo qurbonlari boʻlib hisoblanishlari;
b) odam savdosini amalga oshirish maqsadida xalqaro chegarani kesib oʻtish uchun bunday shaxslar tomonidan foydalanilgan yoki foydalanishga uringan kirish/chiqishga boʻlgan hujjatlar turlari;
s) odam savdosini amalga oshirish maqsadida uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan qoʻllaniladigan usullar va vositalar, shu jumladan, jabrlanganlarni yollash va tashish, bunday savdo bilan shugʻullanuvchi alohida shaxslar va guruhlar oʻrtasidagi yoʻnalishlar va aloqalar, shuningdek bu guruhlar oʻrtasidagi aloqalar hamda ularni aniqlash boʻyicha qoʻllanilishi mumkin boʻlgan choralar.
2. Ishtirokchi-davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi, migratsiya va boshqa tegishli organlar xodimlarining odam savdosining oldini olish masalalari boʻyicha tayyorgarligini taʼminlaydi yoki takomillashtiradi. Koʻrsatilgan tayyorgarlik bunday savdoning oldini olish, u bilan mashgʻul boʻlgan shaxslarni jinoiy taʼqib etish va jabrlanganlar huquqlarini himoya qilish, jumladan, ularni bunday savdo bilan shugʻullanuvchi shaxslardan muhofaza qilish metodlariga asoslanishi lozim. Tayyorgarlik koʻrish jarayonida, shuningdek inson huquqlarini, bolalar va gender muammolarini hisobga olish zarurligiga eʼtibor qaratish lozim; tayyorgarlik davlatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar, boshqa tegishli tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa elementlari bilan hamkorlikni amalga oshirishga koʻmaklashishi kerak.
3. Axborotni oluvchi ishtirokchi-davlat uni taqdim etgan ishtirokchi-davlatning undan foydalanishga nisbatan cheklovlar qoʻyish bilan bogʻliq har qanday iltimosini bajaradi.
