11-modda. Chegara nazorati choralari
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini toʻldiruvchi odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida · Sana: 15.11.2000 · Amalda
1. Ishtirokchi-davlatlar odamlarning erkin koʻchib yurishiga oid xalqaro majburiyatlarga zarar etkazmagan holda, imkon qadar odam savdosining oldini olish va aniqlash uchun talab etiladigan chegara nazorati choralarini belgilaydilar.
2. Har bir ishtirokchi-davlat mazkur Bayonnomaning 5-moddasiga muvofiq shunday deb eʼtirof etilgan jinoyatlarni sodir etishda tijorat yuk tashuvchilari tomonidan foydalaniladigan transport vositalaridan iloji boricha foydalanishni oldini olish uchun qonunchilik yoki boshqa tegishli choralarni koʻradi.
3. Tegishli hollarda va amaldagi xalqaro konvensiyalar uchun zarar etkazmagan holda bunday choralar tijorat yuk tashuvchilari, shu jumladan, har qanday transport kompaniyasi yoki har qanday transport vositasining egasi yoxud operatori uchun hamma yoʻlovchilarning qabul qiluvchi davlatga kirishi uchun zarur boʻlgan kirish/chiqish hujjatlariga ega ekanligiga ishonch hosil qilish majburiyatini nazarda tutadi.
4. Har bir ishtirokchi-davlat oʻzining ichki qonunchiligiga muvofiq ushbu moddaning 3-bandida belgilangan majburiyatni buzganlik uchun sanksiyalarni nazarda tutish uchun zarur choralarni koʻradi.
5. Har bir ishtirokchi-davlat oʻz ichki qonunchiligiga muvofiq mazkur Bayonnomaga koʻra shunday deb eʼtirof etilgan jinoyatlarni sodir etishga aloqador boʻlgan shaxslarning uning hududiga kirishini rad etish yoki ularning vizalarini bekor qilishga imkon beradigan choralarni qoʻllash imkoniyatini koʻrib chiqadi.
6. Ishtirokchi-davlatlar Konvensiyaning 27-moddasiga zarar etkazmagan holda chegara nazorati organlari oʻrtasida hamkorlikni, jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa yoʻllarini joriy etish va qoʻllab-quvvatlash orqali mustahkamlash imkoniyatini koʻrib chiqadi.
