8-modda. Ommaviy mansabdor shaxslarning Odob axloq kodekslari
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, oʻz huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, boshqa fazilatlar qatori, oʻzining ommaviy mansabdor shaxslarining pokligi, halolligi va masʼuliyatliligini ragʻbatlantiradi.
2. Xususan, ommaviy funksiyalarni toʻgʻri, vijdonan va tegishli darajada bajarish uchun har bir ishtirokchi Davlat oʻz institutsional va huquqiy tizimlari doiralarida oʻzini tutish kodekslari yoki standartlarni qoʻllashga intiladi.
3. Mazkur moddaning qoidalarini amalga oshirish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va oʻz huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, mintaqaviy, mintaqalararo va koʻp tarmoqli tashkilotlarning tegishli tashabbuslarini eʼtiborga oladi, masalan, BMT Bosh Assambleyasining 1996-yil 12-dekabrdagi 51/59-sonli qaroriga ilovada bayon etilgan davlat mansabdor shaxslari oʻzini tutishining Xalqaro kodeksi.
4. Shuningdek, har bir ishtirokchi Davlat, oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, ommaviy mansabdor shaxslar oʻz funksiyalarini bajarish vaqtida ularga maʼlum boʻlib qolgan korrupsion harakatlar toʻgʻrisida tegishli organlarga xabar berishlariga xizmat qiladigan chora va tizimlarni belgilash imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
5. Har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, ommaviy mansabdor shaxslarni tegishli organlariga, boshqa maʼlumotlar qatori, ommaviy mansabdor shaxslar sifatidagi funksiyalarida manfaatlar toʻqnashuvini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan xizmatdan tashqari faoliyat, mashgʻulotlar, investitsiyalar, aktivlar hamda muhim tuhfa yoki naflar toʻgʻrisida deklaratsiyalarni taqdim etishga majbur qiladigan chora va tizimlarni belgilashga harakat qiladi.
6. Har bir ishtirokchi Davlat, oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga asosan, mazkur moddaga muvofiq belgilangan kodeks yoki standartlarni buzadigan ommaviy mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy yoki boshqa choralarni koʻrish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
