7-modda. Ommaviy sektor
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va oʻz huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, fuqaro xizmatchilarni va, tegishli vaziyatlarda, boshqa saylanmaydigan ommaviy mansabdor shaxslarni ishga qabul qilish, yollash, xizmatni oʻtash, xizmat davomida mansabga erishish va isteʼfoga chiqishning quyidagilarga asoslanadigan tizimlarini yaratish, qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlashga harakat qiladi:
a) samaradorlik va oshkoralik tamoyillariga hamda benuqson faoliyat, adolat va qobiliyat kabi xolisona mezonlarga asoslanadi;
b) tegishli holatlarda korrupsiya va, maʼlum holatlarda bunday lavozimlardagi tegishli kadrlar rotatsiyasi nuqtai nazaridan, ayniqsa zaif hisoblangan ommaviy lavozimlarni egallash uchun kadrlar tanlash va tayyorlashning tegishli taomillarini oʻziga kiritadi;
c) ishtirokchi Davlatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasini hisobga olgan holda, tegishli mukofot toʻlash va adolatli maoshlarni belgilashga xizmat qiladi;
d) bunday shaxslar ommaviy vazifalarni toʻgʻri, vijdonan va tegishli darajada bajarish talablariga javob berishlari mumkin boʻlishi uchun maʼrifiy va oʻquv dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar hamda korrupsiya bilan va oʻz vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xatarlarni chuqurroq anglashlari maqsadida ular ixtisoslashgan hamda muvofiq tayyorgarlikdan oʻtishlarini taʼminlaydilar. Bu kabi dasturlarda kodekslarga asoslanishlar yoki amaliy sohalardagi axloq standartlari mavjud boʻlishi mumkin.
2. Shuningdek, ommaviy lavozimlarga nomzodlar va saylovlarga tatbiqan mezonlarni belgilash uchun har bir ishtirokchi Davlat, mazkur Konvensiyaning maqsadlariga qarab va oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, tegishli qonunchilik va maʼmuriy choralar koʻrish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
3. Shu bilan birga, saylanadigan ommaviy lavozimlarga nomzodlarni va, mumkin boʻlgan vaziyatlarda, siyosiy partiyalarni moliyalashtirishda oshkoralikni kuchaytirish uchun har bir ishtirokchi Davlat, mazkur Konvensiyaning maqsadlariga qarab va oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, tegishli qonunchilik va maʼmuriy choralar koʻrish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
4. Har bir ishtirokchi Davlat, oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, oshkoralikni taʼminlashga xizmat qiladigan hamda manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishining oldini oladigan tizimlarni yaratish, qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlashga harakat qiladi.
