62-modda. Boshqa choralar: mazkur Konvensiyani iqtisodiy rivojlanish va texnik yordam asosida amalga oshirish
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Ishtirokchi Davlatlar jamiyat uchun umuman, jumladan barqaror rivojlanish uchun korrupsiyaning salbiy oqibatlarini hisobga olgan holda, mumkin boʻlgan qadar, xalqaro hamkorlik vositasida mazkur Konvensiyani optimal amalga oshirilishiga yordam beruvchi choralarni koʻradilar.
2. Ishtirokchi Davlatlar, mumkin boʻlgan qadar hamda bir-birlari, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan muvofiqlashtirilgan tarzda quyidagilarga erishish uchun aniq chora-tadbirlarni koʻradi:
a) rivojlanayotgan mamlakatlarning korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida imkoniyatlarini mustahkamlash maqsadida ular bilan turli darajalarda hamkorlikni faollashtirish;
b) rivojlanayotgan mamlakatlarning korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida moliyaviy va texnik yordamni kengaytirish va ular mazkur Konvensiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishlari uchun amaliy yordam koʻrsatish;
s) rivojlanayotgan va oʻtish iqtisodiyotiga ega boʻlgan mamlakatlarga, ularning mazkur Konvensiyani amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga koʻmaklashish maqsadida texnik yordam koʻrsatish. Buning uchun ishtirokchi Davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan aniq ushbu maqsadlar uchun tashkil qilingan moliyalashtirish mexanizmining hisob raqamiga muntazam ravishda yetarli miqdorda ixtiyoriy badallar kiritishga intiladilar. Ishtirokchi Davlatlar, shuningdek, oʻzlarining ichki qonunchiligiga va mazkur Konvensiyaning holatlariga muvofiq, mazkur Konvensiyaning holatlariga muvofiq musodara qilingan pul mablagʻlari yoki jinoiy daromadlar yoki mol-mulkning tegishli qiymatining muayyan qismini yuqorida qayd etilgan hisob raqamiga oʻtkazish imkoniyatini alohida koʻrib chiqishlari mumkin.
d) boshqa davlatlar va moliyaviy muassasalarni, tegishli holatlarda, mazkur moddaga muvofiq amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga qoʻshilishga, shu jumladan rivojlanayotgan mamlakatlar mazkur Konvensiyaning maqsadlariga erishishi uchun ularga kadrlarni tayyorlash boʻyicha dasturlarni va zamonaviy uskunalarni kattaroq hajmlarda taqdim etilishini taʼminlash yoʻli bilan ragʻbatlantirish va koʻndirish.
3. Bu chora-tadbirlar, mumkin boʻlgan qadar, xorijiy yordam yoki ikki tomonlama, mintaqaviy yoki xalqaro miqyosdagi moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida tuzilgan boshqa bitimlarga taalluqli mavjud majburiyatlarga zarar yetkazmaydi.
