31-modda. Amaliyotlarni toʻxtatib qoʻyish (ishga solmay turish), xatlash va musodara
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat oʻzining ichki huquqiy tizimi doirasida mumkin boʻlgan maksimal darajada quyidagilarni musodara qilish imkoniyatini taʼminlashni talab qilishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi:
a) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlar yoʻli bilan orttirilgan daromadlar yoki qiymati ushbu daromadlar qiymatiga teng boʻlgan mol-mulk;
b) mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlarni sodir etishda foydalanilgan yoki foydalanishga moʻljallangan mol-mulk, uskunalar;
2. Har bir ishtirokchi Davlat keyinchalik musodara qilish maqsadida mazkur moddaning 1-bandida sanab oʻtilganlarning istalganini aniqlash, kuzatish, vaqtincha ishga solmay turish yoki xatlash imkoniyatini taʼminlash uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi.
3. Har bir ishtirokchi Davlat oʻzining ichki qonunchiligiga muvofiq mazkur moddaning 1- va 2-bandlarida koʻrsatilgan vaqtinchalik ishga solmay turilgan, xatlangan yoki musodara qilingan mol-mulkni vakolatli organlar tomonidan boshqarilishini tartibga solish uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan qonuniy va boshqa choralarni koʻradi.
4. Agar bu kabi jinoiy daromadlar qisman yoki toʻliq holda boshqa mol-mulkka aylantirilgan yoki oʻzgartirilgan boʻlsa, u holda mazkur moddada koʻrsatilgan choralar ushbu mol-mulkka nisbatan qoʻllanadi.
5. Agar bu kabi jinoiy daromadlar qonuniy manbalardan olingan mol-mulkka qoʻshib olingan boʻlsa, u holda mol-mulkning qoʻshib olingan daromadlarning baholangan qiymatiga muvofiq boʻlgan qismi vaqtinchalik ishga solmaslik yoki xatlashga taalluqli istalgan vakolatlar uchun zarar yetkazilmagan holda musodara qilinadi.
6. Bu kabi jinoiy daromadlar tufayli, jinoiy daromadlarning boshqa mol-mulkka aylantirilgani yoki oʻzgartirilgani tufayli yoxud bu kabi jinoiy daromadlarning mol-mulkka qoʻshib olinganligi tufayli olingan foyda yoki boshqa afzalliklarga ham mazkur moddada koʻrsatilgan choralar xuddi jinoiy yoʻl bilan orttirilgan daromadlarga boʻlganidek va xuddi shunday darajada koʻriladi.
7. Mazkur modda va mazkur Konvensiyaning 55-moddasining maqsadlari uchun har bir ishtirokchi Davlat oʻzining sudlari yoki boshqa vakolatli organlariga bank, moliyaviy yoki tijoratga oid hujjatlarni taqdim etish yoki hibsga olish toʻgʻrisidagi qarorlarni chiqarish vakolatlarini beradi. Ishtirokchi Davlat, bank sirini saqlash zaruratiga havola qilib turib, mazkur moddada keltirilgan holatlarga muvofiq choralarni koʻrishdan bosh tortmaydi.
