30-modda. Jinoiy taʼqib, sud qarorlarini chiqarish va sanksiya
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan biron-bir jinoiy harakatlar sodir etilishi uchun ushbu jinoyatning xavflilik darajasini hisobga oluvchi jinoiy jazolar qoʻllanilishini koʻzda tutadi.
2. Har bir ishtirokchi Davlat oʻzining huquqiy tizimi va konstitutsion prinsiplariga muvofiq ravishda ommaviy mansabdor shaxslarga oʻzlarining vazifalarini bajarishlari munosabati bilan taqdim etilgan istalgan immunitetlar yoki yurisdiksion imtiyozlar oʻrtasidagi tegishli muvozanatlashtirishni belgilashi yoki taʼminlashi va zarurat tugʻilganida, mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlar yuzasidan samarali tergov ishlarini olib borish hamda jinoiy ish qoʻzgʻatish va sud qarorini chiqarish imkoniyatini talab qilishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi.
3. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan huquqni muhofaza qilish choralar maksimal darajada samarali boʻlishi maqsadida ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatishga taalluqli oʻzining ichki qonunchiligida koʻzda tutilgan istalgan diskretsion va yuridik vakolatlardan foydalanishni taʼminlashga intiladi va zaruratning lozim boʻlgan darajasida bu kabi jinoyatlar sodir etilishiga monelik koʻrsatadi.
4. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlarga nisbatan, oʻzining ichki qonunchiligiga muvofiq va himoya huquqlarini lozim darajada hisobga olgan holda, sudgacha ozod qilish toʻgʻrisidagi qaror yoki kassatsiya (shikoyat) arizasi yoki qatʼiy norozilik (protest) bildirilguniga qadar qabul qilinadigan qaror bilan bogʻliq boʻlgan shartlarni belgilashda keyinchalik yuritiladigan jinoiy ish jarayonida ayblanuvchi albatta boʻlishini taʼminlash zaruratini hisobga olishni taʼminlash maqsadida tegishli choralar koʻradi.
5. Har bir ishtirokchi Davlat jinoyat sodir etgan shaxslarni muddatidan oldin yoki shartli ravishda ozod qilish masalasini koʻrib chiqishda tegishli jinoyatlarning xavflilik darajasini hisobga oladi.
6. Har bir ishtirokchi Davlat oʻz huquqiy tizimining eng muhim prinsiplariga muvofiq boʻlgan darajada mazkur Konvensiyada jinoyat deb tan olingan jinoiy xatti-harakatlarni sodir etishda ayblanayotgan ommaviy mansabdor shaxs, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini hurmat qilish zaruratini hisobga olgan holda, tegishli holatlarda tegishli organ tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha chetlatilishi yoki boshqa lavozimga oʻtkazilishini belgilab beruvchi tartibotni oʻrnatish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
