2-modda. Atamalar
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun:
a) “ommaviy mansabdor shaxs” degani quyidagilarni anglatadi: i) shaxsning mansab darajasidan qatʼi nazar, doimiy yoki muvaqqat asosda, ish haqi uchun yoki ish haqini olmasdan ishtirokchi Davlatning qonunchilik, ijroiya, maʼmuriy yoki sud organida biron lavozimni egallab turgan har qanday tayinlanadigan yoki saylanadigan shaxs; ii) shuningdek, ommaviy muassasa yoki ommaviy korxona uchun biron ommaviy vazifani bajarayotgan yoki ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligida belgilangan tartibda va ushbu ishtirokchi Davlatning huquqiy tartibga solishning tegishli sohasida qoʻllaniladigan tartibda biron ommaviy xizmatni taqdim etayotgan har qanday boshqa shaxs; iii) ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligida “ommaviy mansabdor shaxs” sifatida belgilanadigan har qanday boshqa shaxs. Shunday boʻlsada, mazkur Konvensiyaning II bobida koʻzda tutilgan ayrim muayyan choralarni koʻrish maqsadida “ommaviy mansabdor shaxs” sifatida, ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligida belgilangan tartibda va ushbu ishtirokchi Davlatning huquqiy tartibga solishning tegishli sohasida qoʻllaniladigan tartibda biron ommaviy vazifani bajarayotgan yoki biron ommaviy xizmatni koʻrsatayotgan har qanday shaxs boʻlishi mumkin;
b) “xorijiy ommaviy mansabdor shaxs” deganda xorijiy davlatning qonunchilik, ijroiya, maʼmuriy yoki sud organida biron lavozimni egallab turgan har qanday tayinlanadigan yoki saylanadigan shaxs va xorijiy davlat uchun, shu jumladan ommaviy muassasa yoki ommaviy korxona uchun biron ommaviy vazifani bajaradigan shaxs koʻzda tutiladi;
c) “ommaviy xalqaro tashkilotning mansabdor shaxsi” deganda xalqaro fuqaro xizmatchisi yoki bunday tashkilot tomonidan uning nomidan ish yuritish vakolati berilgan har qanday shaxs nazarda tutiladi;
d) “mol-mulk” deganda har qanday moddiy yoki nomoddiy, koʻchmas va koʻchar aktivlar, buyumlar yoki huquqlar orqali ifodalangan aktivlar hamda bunday aktivlarga mulkiy huquqni yoxud ularga boʻlgan qiziqishni isbotlaydigan yuridik hujjatlar yoinki dalolatnomalar kabi har qanday aktivlar tushuniladi;
e) “jinoiy daromadlar” deganda biron jinoyatni sodir etish natijasida bevosita yoki bilvosita, xarid qilingan yoki qoʻlga kiritilgan har qanday mol-mulk nazarda tutiladi;
f) “opeoatsiyalarini toʻxtatib qoʻyish (ishga solmay turish)” yoki “xatlash” degani mol-mulkni topshirish, shaklini oʻzgartirish, begonalashtirish yoki koʻchirishni taqiqlash, yoki bunday mulkka vaqtincha egalik qilishga kirishish, yoki sud qarori yoxud boshqa vakolatli organning qaroriga muvofiq vaqtincha uni nazorat qilish nazarda tutiladi;
